18+ "Sevimli” telekanalidagi serialning behayo lavhalari ortidan tekshiruv boshlandi

Jamiyat 80703
image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi "Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan seriallardan birida axloqsiz sahnalar efirga uzatilgani va bu jamoatchilikning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgani ortidan ekspertiza tayinlanganini e’lon qildi. Rasmiy axborotda shunday deyiladi:

"Sevimli” telekanali orqali milliy serial namoyish etish chog‘ida axloqsizlik sahnalari mavjudligi yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan materiallar jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘ldi. 

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan dastlabki o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan tekshiruv ishlari Agentlik tomonidan nazoratga olinib, ekspertiza tayinlandi.

Ekspertiza natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”.

Eslatib o‘tamiz, bunday holat "Sevimli” telekanali bilan birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. 2018 yilda ham kanal pornografik sahnalari mavjud filmini efirga uzatgani uchun ogohlantirilgandi. 

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida 2018 yilning 27 iyul kuni o‘tgan yig‘ilishda “Master media production and broadcast” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligida tashkil etilgan “Sevimli” va “STV” telekanallari monitoringida bir qator qonun talablari buzilgani aytilgandi. 

Xususan, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi “Sevimli” telekanali orqali 2018 yil 15 iyul kuni coat 21:10 da  efirga uzatilgan “Hurliqo” (“I feel pretty”) badiiy filmining 45-daqiqasida pornografik mazmundagi sahna mavjudligi aniqlangan. Bundan tashqari, ushbu telekanalda ma’naviyatimiz va milliy qadriyatlarimizga zid, yoshlarning odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan yozishmalar, matnida hayosizlikni tashviqot qiluvchi jumlalar mavjud xorijiy qo‘shiqlar namoyish etilgani kuzatilgan.
 
Samarqand shahrida faoliyat yurituvchi “STV” telekanali 2018 yil 21 iyul kuni coat 09:17 da hayosizlikni targ‘ib qiluvchi, ayniqsa yoshlar odob-axloqiga, tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi “Sausage party” nomli xorij multfilmini efirga uzatgan. Jumladan, multfilm qahramonlarining hayosizlikni targ‘ib qiluvchi beo‘xshov qiliqlari, behayo suhbatlari, narkotik moddalarni qabul qilish, surbetlarcha qovushish sahnalari ochiq-oshkora namoyish etilgan.
 
Shuningdek, mazkur telekanal orqali 2018 yil 22 iyul kuni soat 22:45 da xorijning “Ya legenda” filmi efirga uzatilgan. Mazkur film syujetida virus tarqalgan hududda odamxo‘rlar va vahshiy hayvonlarning odamga hujum qilish, uni yeyishga urinish bilan bog‘liq vahshiylik, shavqatsizlik sahnalari mavjudligi aniqlangan. Syujetida tomoshabinlarni dahshatga soluvchi qo‘rqinchli tasvirlar mavjudligi bois, mazkur film “O‘zbekkino” Milliy agentligining ekspert komissiyasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi hududida namoyish etish, ko‘paytirish va tarqatish tavsiya etilmagan filmlar ro‘yxati”ga kiritilgan.
 
Telekanallar tomonidan nomlari qayd etilgan film va multfilmlarni efirga uzatish oqibatida O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunining 6-moddasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasi, “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 16-moddasi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunining 14- va 15-moddalari talablari buzilgan.
 
Yuqoridagi qonunbuzilish holatlaridan kelib chiqib, Idoralararo Komissiya qaroriga asosan “Master media production and broadcast” mas’uliyati cheklangan jamiyati muassisligidagi “STV” telekanalini efirga uzatish nomuayyan muddatga to‘xtatildi. “Sevimli” telekanali mas’ul xodimlariga keskin choralar qo‘llanilgani inobatga olinib, bunday holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik sharti bilan telekanal rahbariyati qattiq ogohlantirilgan.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 0
Reyting: 3
t
×