APL o‘yinlarini Rossiyada translyatsiya qilish taqiqlandi

Sport 2407
image

Angliya Premer ligasi shartnoma shartlarini  birtomonlama buzgan holda, “Okko” bilan kelishuvni to‘xtatishga qaror qildi. Biroq bu mutlaqo siyosiy sabablarga asoslanadi. Bu haqda Rossiyaning “Okko” onlayn kanali bayonotida so‘z borgan

“Angliya Premer ligasi amaldagi shartnoma shartlarini buzgan holda, bir tomonlama ko‘rinishda “Okko” bilan munosabatlarni uzishga qaror qildi. Bu pozitsiya faqat siyosiy motivlarga asoslanadi. “Okko” o‘z navbatida amaldagi shartnomaning barcha shartlarini bajardi. “Okko” rossiyalik futbol muxlislariga Angliya Premer ligasi o‘yinlarini ko‘rsata olmasligidan afsusda”, deyilgan “Okko” bayonotida.

Ma’lumot o‘rnida, APL Rossiyada o‘yinlarini translyatsiya qilishni taqiqlab, Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlash uchun pul ajratgandi. Bundan tashqari, Angliya klublari APLning deyarli har-bir uchrashuvda urushdan jabrlanayotgan ukrainlar bilan birga ekanliklarini bildirishmoqda.

Rossiya sportiga kiritilgan cheklovlar 

Rus qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tashkilot faxriy prezidenti va elchisi maqomidan mahrum qildi. 

Polsha, Chexiya va Shvetsiya futbol terma jamoasi Jahon chempionatiga saralash doirasida Rossiya bilan o‘yinga borishdan bosh tortdi.

Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) 2022 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finali Sankt-Peterburg shahridan Parijga ko‘chirilganini ma’lum qildi.

FIFA  hamda UEFA Rossiya terma jamoalari va klublarini barcha futbol musobaqalaridan chiqarib tashladi.

Xalqaro basketbol federatsiyasi rossiyalik basketbolchilar va rasmiy shaxslarni tashkilot shafeligidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishdan chetlashtirdi.

Dunyodagi eng yirik sport kiyimlari kompaniyasi “Adidas” Rossiya futbol jamoalari bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Germaniyaning "Shalke 04" klubi va UEFA'ning o‘zi ham Rossiyaning "Gazprom" transmilliy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.

Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) rossiyalik va belaruslik atletlarni Pekin-2022 Paralimpiya o‘yinlaridan chetlatdi.

Shuningdek, 2023 yilda Rossiyaning Qozon shahrida bo‘lib o‘tadigan Maxsus Olimpiada o‘yinlari bekor qilindi.

Ma’ruf Abdumalikov

.
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 19
Reyting: 3.1
t
×