“Birorta o‘q otilmasin”. Mirziyoyev Afg‘oniston masalasida qanday tizim kerakligini aytdi

Jamiyat 9421
image
-

O‘zbekiston Afg‘oniston bilan munosabatda birorta o‘q uzilmaydigan, barcha masalalar muzokara orqali hal etiladigan tizimni qurishga intilyapti. Bu haqda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev navoiylik saylovchilar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

“Afg‘onistondagi vaziyatni hammamiz ko‘rib turibmiz. Qo‘shni tanlanmaydi-ku, qo‘shnimizda vaziyat yomon deb qayergadir ko‘chib keta olmaymiz-ku. Bundan 2 yil avval men “Tolibon” rahbariyat bilan muzokaralar olib borganimda hamma hayron bo‘lgandi. Lekin bugungi kunga kelib to‘g‘ri yo‘l tanlaganimiz ma’lum bo‘ldi. Men tinchlik bo‘lishi uchun, jafokash afg‘on xalqiga ham yengillik bo‘lishi uchun avvalgi rahbariyati bilan bir yilda olti martalab uchrashdim, gaplashdim.

Albatta, hamma davlat rahbari birinchi navbatda o‘z davlati haqida o‘ylaydi. Men ham birinchi navbatda o‘z xalqimni o‘ylashga majburman, menga kafolatlangan tinchlik kerak! Birorta o‘q otilmaydigan, barcha masalalar muzokaralar bilan hal bo‘ladigan tizim kerak”, degan amaldagi davlat rahbari.

Prezident so‘zida davom etib, mamlakat mudofaa tizimida islohot davom etishini qayd etib, shunday degan:

“Mudofaa tizimimizni isloh qilishda davom etamiz. Yaqin tarixni eslaylik, tank qismlaridagi askarlar tank minishmasdi, askarlar kartoshka tozalashardi. Bu sohada ham jiddiy islohotlar o‘tkazdik. Harbiylarimiz 42 davlat harbiylari o‘rtasidagi musobaqada 2-o‘rinni olganlari ham bejiz emas, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston turli darajalarda Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan "Tolibon" harakati bilan muzokaralar olib bordi. Xususan, Surxondaryo va Balx viloyatlari rahbarlari uchrashib, hamkorlikka kelishib oldi. Shundan so‘ng, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Afg‘oniston TIV rahbari vazifasini bajaruvchi Amirxon Mottakiy bilan uchrashdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 248
Reyting: 3
t
×