Bosh prokuratura sharmandali holatdan keyin aholiga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat 33258
image

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi aholining e’tiborini prokuratura organlaridagi korrupsion holatlarga qaratib, jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi. Murojaat Bosh prokuratura Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Telegram’dagi sahifasida e’lon qilindi. 

“Bosh prokuratura keng jamoatchilik e’tiborini yana bir bor prokuratura organlarida korrupsiyaga qarshi murosasiz va keskin kurash olib borilayotganiga qaratadi.

Binobarin, Bosh prokuratura mamlakatimizning har bir fuqarosini jamiyatda, xususan prokuratura organlarida korrupsiyani tag-tomiri bilan bartaraf etishda faol hamkorlikka chaqiradi.

Agar prokuratura organlarining biron-bir xodimi faoliyatida korrupsiya bilan bog‘liq xatti-harakat (yoki harakatsizlik)ni kuzatsangiz, sezsangiz, bu haqda zudlik bilan Bosh prokuratura Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasining (71) 202-08-28 raqamli “Ishonch telefoni”ga ma’lum qilishingizni so‘raymiz.

Murojaatchilar haqidagi ma’lumotlarning sir saqlanishi to‘liq kafolatlanadi”, deyiladi murojaatda. 

Eslatib o‘tamiz, bugun Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan A.T. 29 ming AQSH dollari pora olganida qo‘lga tushgani haqida xabar bergan edik. 

U Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokurori lavozimida ishlagan paytida, 2020 yil oktyabr oylarida o‘ziga tanish bo‘lgan qurilish korxonasi rahbari D.A.ni Olmaliq shahridagi 11-sonli yotoqxonani rekonstruksiya qilish bo‘yicha qonuniy o‘tkazilgan tenderda qurilish korxonasi go‘yoki uning yordami bilan g‘olib chiqqanligiga ishontirgan va moddiy rag‘bat talab qilib kelgan.

Shundan so‘ng, hozirda Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan va joriy yil 22 noyabrdan mehnat ta’tilida bo‘lgan A.T. joriy yil 5 dekabr kuni taxminan soat 22:00 da Mirobod tumanida joylashgan "Mustafo" restoranida D.A.dan go‘yoki tenderda yutishiga yordam qilgani uchun 29 ming AQSH dollarini olganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan A.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi "a" bandi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 1509
Reyting: 2.9
t
×