Dunyoni tebratgan va tebranayotgan AQSH: Vashingtonga atrofdan nazar

Tahlil 7839
image

Kecha, 6 yanvar kuni AQSH Kongressi Prezident saylovi natijalarini tasdiqlashi kerak edi. Avvalroq natijalar saylovchilar kollegiyasi tomonidan e’lon qilingan. Ularga ko‘ra, Demokratlar partiyasidan nomzod Jo Baydenni 306 saylovchi, Trampni esa, 232 kishi qo‘llab-quvvatlagan. G‘alaba qozonish uchun 270 saylovchining ovozi yetarli. Natijalar aniq. Tramp esa, bir necha bor alohida shtatlarda ovoz berish natijalariga shikoyat qilishga urinib ko‘rdi.

6 yanvar kuni tushdan keyin Tramp tarafdorlari AQSH Kongressi oldida yig‘ilib, mamlakatdagi saylovlar natijalariga norozilik bildirdi. Keyinchalik namoyishchilar Kongress binosiga bostirib kirib, Prezident saylovlari natijalarini tasdiqlashi kerak bo‘lgan AQSH parlamentining majlisini buzdi. Xavfsizlik kuchlari bir necha soatdan so‘ng namoyishchilarni Kapitoliydan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning tarqalishi paytida politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, tayoqchalar va o‘qotar qurollardan foydalangan.

AQSHning saylangan Prezidenti Jo Bayden Kongress yaqinida bo‘layotgan voqealarni “qo‘zg‘olon” deb atadi. Amaldagi Prezident Donald Tramp namoyishchilarga murojaat qilib, ulardan tinch namoyish o‘tkazishni so‘radi.

Voqealar rivoji qanday bo‘lishi kerak edi?

Qonunga ko‘ra, AQSH Kongressining ikkala palatasi a’zolari (Senat va Vakillar palatasi) 6 yanvar kuni yig‘ilib, saylov natijalarini tasdiqlashi kerak edi. Sessiya mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da boshlanishi kerak bo‘lgan. Ushbu yig‘ilishni Amerika Qo‘shma Shtatlarining vitse-prezidenti, shuningdek, Senat raisi boshqarishi, aynan u mamlakatning keyingi Prezidentini e’lon qilishi kerak edi.

Rejaga ko‘ra, 50 ta shtatning har biridan va poytaxtdan saylov natijalari to‘g‘risidagi hujjatlar mahobatli qutilarda Vakillar Palatasiga olib kelinadi. Respublikachilar va Demokratlar partiyalari vakillari natijalarni o‘qib chiqadi. Natijalar e’lon qilingandan so‘ng, Kongressning har qanday a’zosi so‘zga chiqishi va natijalardan rozi emasligini e’lon qilishi mumkin. Shikoyatlar ko‘rib chiqish uchun ular yozma ravishda topshirilishi kerak. Yozma e’tirozlar kelib tushgan taqdirda, kongressmenlar o‘zlarining xonalariga tarqaladi, u yerda taqdim etilgan e’tirozlarni muhokama qiladi va ovoz beradi. Natijaga e’tiroz bildirish uchun ko‘pchilikning ovozi kerak bo‘ladi.

Ilgari ham muammolar bo‘lganmi?

Saylov natijalarini tasdiqlash AQSH saylovlari natijalarini sarhisob qilishning yakuniy bosqichidir. Aksariyat hollarda ushbu protsedura oddiy rasmiyatchilik edi. 1887 yildan boshlab, hisoblash qonuni qabul qilinganidan so‘ng, natijaga qarshi chiqish uchun atigi uchta urinish bo‘lgan (oxirgi marta 16 yil oldin). Keyinchalik, 2005 yil yanvar oyida Demokrat senator Barbara Bokser va shu partiyadan kongressmen Stefani Tubbs Jons Ogayo shtatida saylov natijalarini tan olmaslik masalasini ovozga qo‘ydi. Senatda ham, Vakillar Palatasida ham ko‘pchilik ularning tashabbusini qo‘llab-quvvatlamadi. Natijada, ikkala palata ham respublikachi Jorj Bushning demokrat Jon Kerri ustidan qozongan g‘alabasini tan oldi.

Nima uchun bu safar muammolar mavjud?

Amaldagi Prezident Donald Tramp saylov kampaniyasi davomida ovoz berish paytida sodir etilgan ko‘plab qonunbuzarliklarga ishora qildi. Prezidentning asosiy shikoyatlaridan biri bu koronavirus pandemiyasi tufayli ushbu saylovda rekord qayd etgan pochta orqali ovoz berishlar soni edi.

O‘tgan yilning 3 noyabr kuni saylovchilarning ovoz berishidan so‘ng Tramp shtab-kvartirasi, Respublikachilar partiyasi va uning tarafdorlari alohida shtatlarda bo‘lib o‘tgan saylov natijalarini bekor qilish to‘g‘risida 60 ga yaqin da’vo arizalari bilan murojaat qildi. Natijada, 6 yanvarga qadar barcha shtatlar, shu jumladan respublika gubernatorlari bo‘lgan shtatlar olingan ovoz berish natijalarini qonuniy deb tan oldi.

Ommaviy ovoz berish natijalari saylovlarning ikkinchi bosqichida – 15 dekabr kuni saylovchilarning ovoz berish vaqtida qo‘llab-quvvatlandi. Keyinchalik, saylovlar kollegiyasining birorta ham a’zosi o‘z shtatida ko‘pchilikning irodasiga qarshi chiqmadi. Shundan so‘ng Tramp o‘z tarafdorlarini saylov natijalarini himoya qilishga chaqirdi. Kapitoliy hududidagi voqealar politsiya nazoratidan chiqib ketgach, Tramp norozilarni uylariga ketishga chaqirgan murojaat bilan chiqdi.

“Biz sizni sevamiz. Siz judayam o‘ziga xossiz... Men o‘zingizni qanday his qilayotganingizni bilaman, lekin uyingizga boring” dedi Tramp.

AQSH va dunyo siyosatchilari qanday munosabatda?

AQSHning sobiq prezidentlari bo‘layotgan voqealarni qoraladi. 

“Saylov natijalari bizning demokratik Respublikamizda emas, balki banan respublikasida shunday tortishmoqda“, deb yozgan kichik Jorj Bush. 

Sobiq demokrat prezident Barak Obamaning fikriga ko‘ra, Vashingtondagi voqealar “katta sharmandalik” sifatida esga olinadi. Buning uchun u Tramp va saylovlar haqidagi “xayoliy hikoyasi” haqiqatdan uzoqlashayotgan respublikachilarni aybladi.

Qo‘shma Shtatlarning ittifoqchilari bo‘lgan mamlakatlar rahbarlari ham Vashingtondagi voqealarni sharhladilar. 

“Dunyodagi eng qadimgi demokratik davlatlardan birida, amaldagi Prezident tarafdorlari saylovlarning qonuniy natijalariga, bitta odam, bitta ovozning umumjahon g‘oyasiga putur yetkazdi” dedi Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron.

Shvetsiya Bosh vaziri Stefan Lovenning fikricha, Prezident Tramp va Kongressning ko‘plab a’zolari sodir bo‘lgan voqealar uchun katta mas’uliyatni bo‘yniga oladi. Yevropa Parlamenti a’zosi va Polsha Tashqi ishlar vazirligining sobiq rahbari Radoslav Sikorskiy yanada chuqur gapirgan. Uning fikriga ko‘ra, Trampni aqldan ozgan deb e’lon qilish va uni hokimiyatdan olib tashlash kerak.

Umidjon Nozimjonov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 140
Reyting: 3
t
×