Ilk non mahsulotlari qachon paydo bo‘lgan? 

Bu qiziq 4594
image

Non dunyodagi eng mashhur va ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulotlardan biri. Shuning uchun uning o‘z bayrami — Butunjahon non kuni (World Bread Day) borligi ajablanarli emas, ushbu bayram har yili 16 oktyabrda nishonlanadi.  

Bayram 2006 yilda ta’sis etilgan. Sanani tanlash 1945 yil 16 oktyabrda qishloq xo‘jaligi va ishlab chiqarishdagi muammolarni hal qilish bilan shug‘ullanadigan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti tuzilgani bilan bog‘liq.

Dunyoning har bir mamlakatida non va non mahsulotlari doimo sevib iste’mol qilinadi. Unga stol ustidagi eng sharafli joy beriladi, non hayotning ramzi bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. 

Nonning tarixi bir necha ming yilliklarga borib taqaladi. Ilmiy izlanishlarga ko‘ra, birinchi non mahsulotlari taxminan 8 ming yil oldin paydo bo‘lgan. Birinchi xamirturushli non Misrda tayyorlangan. 

Bundan tashqari, qadim zamonlarda oq nonni yuqori tabaqadagi odamlar iste’mol qilgan, qora va kulrang non kambag‘allarning ozuqasi hisoblangan. Faqatgina XX asrda javdar va donli nonning foydalari va ozuqaviy qiymati haqida ma’lum bo‘lib, u yanada mashhur bo‘lib ketgan. 

Bugungi bayram — Butunjahon non kuni keng jamoatchilik e’tiborini dunyodagi ochlik, qashshoqlik va to‘yib ovqatlanmaslik muammolariga qaratishga bir sababdir. Shu bois, an’anaviy ravishda, Butunjahon non kunida ko‘plab mamlakatlarda turli xil non mahsulotlari ko‘rgazmalari, oshpazlar, novvoylar va qandolatchilar uchrashuvlari, yarmarkalar, mahorat darslari, xalq sayrlari, shuningdek muhtojlarga bepul non tarqatish, xayriya tadbirlari o‘tkaziladi. 

Odamlar nafaqat non va non mahsulotlarining turli navlari va turlarini tatib ko‘rishi, balki nonning qanday paydo bo‘lgani, tarixi va urf-odatlari, nimadan yasalgani, qanday pishirilgani va boshqalar bilan ham tanishishi mumkin bo‘ladi.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 113
Reyting: 3.1
Teglar
non
t
×