Qirg‘izistonda Prezident vakolati ham Japarovga o‘tdi

Olam 9097
image

Bugun, 15 oktyabr kuni Bishkekdagi Eski maydonda Bosh vazir Sadir Japarov tarafdorlari to‘plandi. Bu joyga Qirg‘iziston Hukumati rahbari ham yetib keldi va endi Prezidentning vakolatlari o‘ziga o‘tganini ma’lum qildi.

“Men sizlarni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun barchasi o‘z o‘rniga tushdi. Sobiq Prezident iste’foga chiqdi, parlament spikeri Kanat Isayev uning vazifalarini bajarishni istamadi. Endi Prezident va Bosh vazir vakolati menga o‘tdi. Ishonchingiz uchun minnatdorlik bildiraman”, degan Sadir Japarov.

U yig‘ilganlardan tarqalishni so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqdi. Uning o‘rnini Konstitutsiyaga ko‘ra, parlament spikeri Kanat Isayev egallashi kerak edi. U bu vazifani bajarishdan bosh tortdi. Natijada Prezident vakolatlari Bosh vazirga o‘tdi. Endilikda Japarov Prezident vazifasini bajaruvchi hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistondagi siyosiy inqiroz mamlakat parlamenti spikeri va Bosh vazir almashishiga, buning ortidan esa Prezident iste’fo berishiga olib keldi. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Keyinroq parlamentga Kanat Isayev spiker etib saylandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.

Jeenbekov vaziyatni izga solish uchun 9 oktyabr kuni Bishkekda favqulodda holat e’lon qildi. Keyinroq bu rejim yana uzaytirildi. Harbiylarning Bishkekka kirishi natijasida namoyishlar va talonchiliklar to‘xtadi.

Bugun, 15 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati Qirg‘izistonning yangi Hukumatini tan oldi

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 175
Reyting: 2.9
t
×