Koronavirusga chalingan mahkumlar statistikasi yashirilyaptimi? Tashanov ishonchli ma’lumotlari borligini aytdi

Intervyu 14766

Xabaringiz bor,  koronavirus infeksiyasi nafaqat O‘zbekistonni, balki  butun dunyoni xavotirga solayotgan global muammolardan biriga aylandi. Chunki chegara bilmas  va makon tanlamas ushbu virus oqibatida 17 may holatiga ko‘ra dunyo bo‘ylab  163 810 883 nafar inson virus yuqtirib olgan. 3 395 232 nafar inson esa kasallik oqibatida vafot etdi.  Tuzalganlar soni esa 142 290 812 nafarni tashkil etmoqda.

Xususan, joriy yil 16 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 223 kishiga ortib, 96 893 nafarni tashkil etmoqda. Shuningdek, 2 nafar koronavirusga chalingan bemor vafot etib, kasallikdan vafot etganlar soni 670 nafarni tashkil qildi. 

O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlanayotgan mahkumlar orasida ham koronavirus infeksiyasi tarqalgani, ammo birorta ham o‘lim holati kuzatilmagani haqida xabar berilgandi. Virus yuqtirib olgan mahkumlarning foizi ham ochiqlandi.

Ammo O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova bilan suhbat davomida COVID-19 yuqtirib olgan mahkumlar bilan bog‘liq statistika to‘g‘ri emasligini, bu borada ishonchli ma’lumotlari borligini aytdi.

“Tashqarida koronavirusga chalinish holatlari bo‘lgani kabi ichkari (qamoqxona – tahr.) da ham kuzatilgan. Bu bo‘yicha tasdiqlanmagan, lekin ishonchli ma’lumotlar bor. Shu vaqtgacha hamma joyda bu gaplarni bemalol ayta olyapman. Jazoni ijro etish bosh boshaqarmasi rahbariyati koronavirus bilan yaxshi kurashdi va kasallikka chalinganlar ko‘payishining oldini oldi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Shu bilan birga 1-sonli tergov izolyatori, xalq tilida aytganda “Toshturma”ning qo‘riqchi xodimlarida ham koronavirus aniqlandi. Axborot siyosatini boshqarish juda muhim va bu bizning zaif nuqtamiz.  Bor narsani xalqqa yetkazish degan tushuncha bizda yo‘q. Bitta rahbarga qo‘ng‘iroq qilsangiz davlat siri deydi, ikkinchisi mumkin emas, deb qutiladi. Xuddi shunaqa yengil yo‘llarga o‘tib olishdi”, deydi Tashanov.

Abdurahmon Tashanov so‘zida davom etarkan, JIEBB rahbariyatiga bir necha marotaba yaxshi jurnalistlarni ishga olish kerakligini taklif qilganini tak’idlab, shunday dedi:

“Bizda asl muammodan ko‘ra, axborot siyosatini boshqarish muammosi ko‘proq. JIEBB rahbariyatiga ko‘p marotaba yaxshi jurnalistlarni ishga olishlarini taklif qilganman. O‘tgan yili 18 may kuni qabul qilingan “Ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazolarni ijro etish muassasalarining faoliyati samaradorligini ta’minlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni sohani tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Shu vaqtgacha O‘zbekiston “mahkumlar mamlakati” degan tamg‘a bilan yashardi. Biz unday emasligini ko‘rdik.”

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston hududida karantin tartibi joriy etilgandan buyon qamoqxonalarga yaqinlarini ko‘rish uchun kelayotganlarning avval salomatligi ko‘zdan kechirilib, virus alomatlari kuzatilmasa, uchrashuvga ruxsat etilishi yo‘lga qo‘yilgan va ushbu tartib hamon saqlanib kelinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi kirib kelganiga 1 yil to‘lishi munosabati bilan QALAMPIR.UZ sayti media marafon tashkil qilgandi. Unda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov ishtirok etib, JIEMlarda 9 foiz mahkumlar koronavirusga chalinib, davolangani, aynan shu masalada brifing o‘tkazilib ma’lumotlar ochiqlangani haqida aytgandi.

G‘iyosov ta’kidlashicha JIEMlarda tibbiyot bo‘limlari bor, fuqarolar davolanishi uchun qanday talablar qo‘yilgan bo‘lsa, mahkumlar davolanadigan tibbiyot bo‘limlarida ham shu choralar amal qilgan, koronavirusdan o‘lim holati esa qayd etilmagan.

Shu bilan birga joriy yilning 21 yanvar kuni OAV xodimlari uchun JIEBB tomonidan matbuot anjumani tashkil etilgandi. IIV JIEBB davolash profilaktika yordamini tashkillashtirish bo‘limi boshlig‘i Bahodir Yusupov ushbu anjumanda ishtirok etib, 2020 yil   15 martdan virus qayd etilgach, 16 martdan JIEMlarda ham cheklovlar joriy etilganini aytgandi. Uning ma’lumot berishicha, 4 oy mobaynida koronavirus infeksiyasini jazoni ijro etish muassasalariga kirishiga yo‘l qo‘yilmagan, koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda ham, uni davolash mezonlari belgilangan.

21 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan mazkur matbuot anjumanida Bahodir Yusupovning takidlashicha, virusning simptomsiz shakli muassasaning o‘zida, og‘ir va o‘ta og‘ir shakllarini esa SSV tasarrufidagi maxsus 4 ta (Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent) hududda davolangan. Virus yuqtirib olgan birorta mahkumda o‘lim holati kuzatilmagan. Bundan tashqari holati og‘ir mahkumlar, yani Qashqadaryo viloyatidan bir nafar, Buxoro viloyatidan bir nafar mahkum muddatidan oldin ozod etilgani ham ochiqlangandi.

Murod Berdiyev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 136
Reyting: 3
t
×