Karimovlar oilasidagi mojarolar: Maryam Tillyayeva oila sirini ochdi

Jamiyat 99126
image
-

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillyayeva onasi Lola Karimova-Tillyayeva unga Gulnora Karimovaning oilasi bilan muloqot qilishni taqiqlaganini aytdi. Bu haqda u Instagram’dagi jonli muloqot vaqtida aytib o‘tdi.

Maryam Tillyayevaning so‘zlariga ko‘ra, u va Gulnora Karimovaning qizi Imon 23 yoshda. Imon undan taxminan 6-7 oylik katta.

“Biz bobomnikiga kelganda birga vaqt o‘tkazardik. Biz onalarimiz gaplashishni to‘xtatmaguncha yaxshi do‘st bo‘lganmiz. Ular gaplashishni to‘xtatgach, bizga, menga taqiqlashdi. Imonga ham tushuntirishdi. Ammo bu menga alam qildi, chunki opam bor, lekin u haqda hech narsa bilmayman”, deydi Maryam Tillyayeva.

U so‘zida davom etib, Instagram paydo bo‘lgach, uni kuzata boshlagan. Bu unga juda qiziqarli bo‘lgan. 

Avvalroq, Islom Karimovning ikki nabirasi 8 yil deganda tasodifan uchrashib qolgani haqida xabar bergan edik. Shundan so‘ng ular birgalikda Samarqandda dafn etilgan bobosi qabrini ziyorat qilgandi.

Xabaringiz bor, 2013 yilda Gulnora Karimova va unga aloqador shirkatlar bilan bog‘liq muammolar boshlangandan so‘ng Gulnora Karimova va uning qizi hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, Prezident Karimovning dafn marosimi ham ularsiz o‘tdi. Xalqaro darajadagi qabul marosimida oila nomidan Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova va qizi Lola Karimova ishtirok etdi. 

Birinchi Prezident Islom Karimovning o‘limidan bir yil o‘tib, Imon Karimova ham oila a’zosi sifatida 31 avgust kuni Oqsaroy majmuasida o‘tkazilgan xotira marosimida xolasi Lola Karimova-Tillyayeva bilan ishtirok etdi. Uning akasi Islom Karimov esa onasi hibslangandan keyin Toshkentda ko‘rinish bermagan. 

2018 yilning oktyabr oyiga kelib, Imon Karimova ijtimoiy tarmoqlar orqali “Xolangiz bilan aloqangiz bormi?”, deya yo‘llangan savolga, qo‘l siltab javob berib, munosabatlari uzilganini oshkor qilgan edi. 

2016 yilda Gulnora Karimovaning o‘g‘li Islom Karimov BBC’ga intervyu berib, onasi va xolasining munosabatlari hali ancha yillar avval buzilganini aytib, bunda bobosini ayblagandi. 

“Oyim va singlisi orasida yoshliklarida normal munosabatlar bo‘lib kelgan. Yagona muammo shuki... Men bunda ko‘proq bobomni ayblayman. Chunki oyim matematika maktabini oltin medal bilan bitirgan. Bobomning izidan borgan. Oyim sport bilan shug‘ullangan, qora kamar olgan. O‘z karerasini qurishni boshlagan. U nima qilsa, xolam buni takrorlashni istagan. Lekin, nega? O‘ylaymanki, sababi – bobom butun umr xolamga gapirgan “Nega opangga o‘xsholmaysan? Nega mana buni qilolmaysan? Nega yaxshi o‘qimaysan? Nega “U” bo‘lolmaysan?”

Men o‘z qizlaringga bunday munosabat qilish noto‘g‘ri deb bilaman. Shuning uchun, bu uning aybi deb o‘ylayman. Lekin, fakt shuki, bu unga ta’sir qilgan. Xolam butun umr buni eshitgani uchun, unda kompleks paydo bo‘lgan. Mana hozir jamg‘arma tuzilibdi. Mamlakatda hamma biladiki, bizda jamg‘arma allaqachon bor edi. Jurnal ham bor edi, u ham jurnal chiqaryapti. Buni isbotlashga ham hojat yo‘q. Butun umr o‘zaro poyga bo‘lgan. Xolam ham nimalargadir qodir ekanini ko‘rsatishga intilgan. O‘ylashimcha, nafrat shunday paydo bo‘lgan, chunki xolam baribir oyim darajasiga chiqa olmagan. Bular keyin ko‘pirib jismoniy muammoga aylangan. Boshida bu faqat hissiyotlar darajasida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu hayotimizda aks etyapti. Bu adovat tufayli oilalar barbod bo‘lyapti”, degan edi kichik Islom Karimov. 

Gulnora Karimova hibslangach, uning o‘g‘li va qizi Londonga ko‘chib o‘tdi. Bu orada Imon bir necha bor O‘zbekistonga keldi. 2020 yilda buvisi Tatyana Karimova bilan ham uchrashib, bobosining Oqsaroy qarorgohidagi kabinetida bo‘ldi. Islom esa O‘zbekistonga qadam bosmadi va Londonda uylandi. Kuni kecha u farzandli bo‘lganini e’lon qildi. 50 yoshni qarshilash arafasida turgan Gulnora Karimova esa hamon qamoqda qolmoqda. 

2016 yildan keyin Lola Karimova turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan AQSHga ko‘chib o‘tdi. U AQSHdan turib “Sen yolg‘iz emassan” xayriya jamg‘armasi va Islom Karimov nomidagi Respublika jamoat fondini yuritmoqda. Shuningdek, “The harmonist” attorlik mollari brendiga ham asos solgan. 

Lola Karimovaning qizi Maryam Tillyayeva o‘tgan yilning o‘rtalaridan boshlash jamoatchilik og‘ziga tushgan. U rossiyalik bloger Amiran Sardarovga turmushga chiqdi. Ayni vaqtda Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Bundan bir necha oy avval ijtimoiy tarmoqlarda uning nomaqbul ko‘rinishdagi surati paydo bo‘ldi. Buni jamoatchilik faollari bobosining xotirasiga hurmatsizlik sifatida baholadi. Lola Karimova esa qizining xatti-harakatlarini Islom Karimovning prezidentlik faoliyati va g‘oyalari bilan bog‘lamaslikni so‘radi. 

Nabira kuyov Amiran Sardarovning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda qaynota-qaynonasi ular bilan aloqani uzgan. Ular Maryamning kuyov borasidagi tanloviga bosh-boshidan qarshi chiqqan.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 4172
Reyting: 3
t
×