MIB xodimini pichoqlagan zo‘ravonga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

3-sahifa 2552
image

Xabaringiz bor, Andijon viloyati Asaka tumanida fuqaro Majburiy ijro byurosi xodimini haqorat qilib, unga pichoq bilan jarohat yetkazgandi. Ushbu fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining 2021 yilning 21 oktyabridagi ijro varaqasiga ko‘ra, Asaka tumani Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan avtoshohbekatning yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan kutish hududida qarzdor A.J tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurib olingan savdo do‘koni qurilmasi uning hisobidan majburiy tartibda buzdirilishi belgilangan.

Mazkur sud qarori ijrosi bo‘yicha byuroning Asaka tuman bo‘limi davlat ijrochisi X.Mehmonov tomonidan 20 noyabr kuni ijro ishi yuritish uchun qo‘zg‘atilib, sud hujjati talabini bajarish haqida qarzdor bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, qonuniy talablarni bajarmagan. 22 dekabr kuni o‘tkazilgan majburiy ijro harakatlarida A.J. ishtirok etmagani sabab boshqa kunga qoldirilgan.

Sud qarori ijrosini ixtiyoriy bajarmaganligi uchun 2021 yilning 25 dekabr kuni A.J.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1-moddasi (qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi)ga asosan 540 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Joriy yilning 11 yanvarida noqonuniy qurilmani buzish uchun vakolatli idoralar vakillari ishtirokida majburiy ijro harakatlari o‘tkazilgan. Ijro harakatlari davomida qarzdorning o‘g‘li S.J. do‘konda bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan taraflarni qo‘rqitib, davlat ijrochisi X.Mehmonovga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda majburiy ijro harakatlari boshqa kunga qoldirilgan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Ma’lumot o‘rnida, Jinoyat kodeksining 219-moddasiga ko‘ra, qarshilik ko‘rsatish, ya’ni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik ko‘rsatish jinoyati sodir qilgan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Diyora Abdurahmonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 58
Reyting: 3.1
t
×