Mirziyoyev Elboshi muzeyiga bordi. Unga Darig‘a Nazarboyeva hamroh bo‘ldi (fotoreportaj)

Jamiyat 6002
image

Bugun, 6 dekabr kuni oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi. Uchrashuvdan so‘ng davlat rahbari Elboshi muzeyiga tashrif buyurdi.

Suhbat avvalida Shavkat Mirziyoyev Elboshini mustaqil Qozog‘iston asoschisining ulkan xizmatlari e’tirofi sifatida dekabr oyining birinchi sanasida nishonlanadigan bayram - Birinchi Prezident kuni bilan samimiy qutladi.

O‘zbekiston yetakchisi Nursulton Nazarboyevning chuqur o‘ylangan siyosati tufayli birodar Qozog‘iston xalqi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida yuksak muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidladi.

Prezident O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik rivojida Elboshining shaxsiy hissasini yuqori baholadi. Bugun Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani muloqotlarni faollashtirish jarayonining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Uchrashuvda ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Markaziy Osiyo makonida siyosiy muloqot faollashgani, Maslahat uchrashuvlari mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, do‘stlik va ishonch muhiti shakllangani ta’kidlandi.

Nursulton Nazarboyev bu galgi davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

So‘ng Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti muzeyiga tashrif buyurdi. Muzeyda O‘zbekiston Prezidentiga Elboshining to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyeva hamrohlik qildi.

Bu yerda Nazarboyevning ish xonalari asl holicha saqlab qolingan. Yig‘ilishlar va jurnalistlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan majlislar zalida zamonaviy Qozog‘istonning taraqqiyot yo‘liga bag‘ishlangan ekspozitsiya joylashgan. Ko‘plab eksponatlar Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan tashqi siyosiy aloqalaridan so‘zlaydi.

Davlat rahbari muzey bilan tanishib, Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 122
Reyting: 3.2
t
×