Og‘ir atletika bo‘yicha JCHdan nimalar kutish mumkin? 

Sport 2241
image

Avvalroq, joriy yilning 7–17 dekabr kunlari Toshkent shahri og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionatiga mezbonlik qilishi haqida xabar bergan edik.

Bugun, 6 dekabr kuni bellashuvlar o‘tkaziladigan “Yunusobod” sport majmuasida JCH oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Tashkilotchilarga ko‘ra, dunyo birinchiligida 80 ga yaqin mamlakatdan 400 dan ziyod sportchi g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib boradi.

Marosimda O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti Shahrullo Mahmudov Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi Muhammad Hasan Jalud va O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev ishtirok etdi. 

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston terma jamoasi 14 ta ishtirokchi bilan bahslarga kirishadi. Tokio Olimpiadasi rekordchisi Muattar Nabiyeva oila qurgani sababli musobaqada ishtirok etmasligi aytib o‘tildi. Bundan tashqari bir  nechta yosh sportchilar Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida qatnashgani uchun tarkibga jalb etilmagan.

Jahonning eng kuchli og‘ir atletika terma jamoalari qatorida turuvchi Xitoy delegatsiyasi mamlakatdagi karantin cheklovlari tufayli Toshkentga kelmasligi ma’lum bo‘ldi. Shahrullo Mahmudov va Muhammad Hasan Jaludga ko‘ra, bu musobaqaning darajasiga ta’sir etmaydi.

Bundan tashqari, 1996 yilgi Atlanta Olimpiadasida Rossiya terma jamoasi safida kumush medalni qo‘lga kiritgan, asli o‘zbekistonlik  Sergey Sirsov, 1988 yilgi Seul Olimpiadasi vitse-chempioni, andijonlik Nail Muhamedyarov hamda 3 karra Olimpiada va 5 karra Jahon chempioni, turkiyalik Halil Mutlu faxriy mehmon sifatida taklif etilgan.

2018 yili jahon chempionati Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida, bir yildan keyin esa Tailandning Pattayya shahrida o‘tkazilgan. 2021 yilgi dunyo birinchiligi Peru poytaxti Lima shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, biroq mamlakatdagi pandemiya va karantin choralari sabab, bundan 3 oy ilgari Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) turnirni Toshkentga ishonib topshirgan. 

JCH yakuniga yetgach, joriy yilning 20-21 dekabr kunlari Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining kongressi ham o‘tkaziladi. Unda tashkilotning oldindagi rejalari va o‘tkazilishi kutilayotgan musobaqalar muhokama qilinishi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 109 kg vazn toifasida Rio-2016 va Tokio-2020 chempion va rekordchilari Ruslan Nuriddinov (jahon rekordi ham unga tegishli) va Akbar Jo‘rayev ishtirok etadi. Shuningdek, Adhamjon Ergashev (67 kg), Doston Yoqubov (67 kg), Muhammadqodir Toshtemirov (81 kg), Sarvarbek Zafarjonov (89 kg), Otaxon Imomov (89 kg), Qurbonmurod Namozov (96 kg), Hojiakbar Olimov (96 kg) Mirhosil Mirzaboyev (+109 kg) qizlar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa Zuhra Otajonova (49 kg), Jamila Panfilova (55 kg), Kumushxon Fayzullayeva (71 kg) hamda Tursunoy Jabborova (87 kg) medallar uchun kurash olib boradi.

Humoyun Oripov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 27
Reyting: 3
t
×