“Otmen” bo‘lgan besoqolbozlar konserti, O‘zbekistonga yaqinlashgan “omicron”, prokuraturadan chiqqan poraxo‘r – yangiliklar dayjesti

Jamiyat 22312
image
Bugun, 6 dekabr O‘zbekiston va jahonda sodir bo‘lgan ko‘plab muhim voqeliklar bilan yodda qolmoqda. Xususan, besoqolbozlarning Toshkentdagi konserti bekor qilindi. Xalqaro maydonga nazar tashlaydigan bo‘lsak, AQSHda motam e’lon qilindi. Shu kabi qaynoq yangiliklarining qisqacha tafsiloti bilan quyida tanishing.

Jamiyat 

Metroda “tig‘iz paytlarda” oraliq interval qisqartiriladi

Toshkent metropolitenining barcha yo‘nalishlarida “tig‘iz paytlarda” oraliq intervallarini maksimal darajada qisqartirilib, barcha imkoniyatlardan foydalangan holda qo‘shimcha harakat tarkiblari soni ko‘paytiriladi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” DUK rahbari va tarkibiy tuzilmalarining rahbarlari bilan navbatdagi yig‘ilishda aytib o‘tildi.

Yig‘ilish davomida quyidagi masalalar topshiriq sifatida mas’ullar zimmasiga yuklatilgan:

tirbandliklarni oldini olish, yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, poyezdlar harakati oraliq intervallarini qisqartirish maqsadida, poyezdlar harakati jadvali qayta ko‘rib chiqish;
metropoliten barcha yo‘nalishlarda “tig‘iz paytlarda” oraliq intervallarini maksimal darajada qisqartirish va barcha imkoniyatlardan foydalangan holda qo‘shimcha harakat tarkiblari sonini ko‘paytirish.

Qashqadaryoda “zamhokim” va XTB boshlig‘i o‘quvchilarga suratga tushish uchun sovg‘a bergani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Yo‘ldoshev va Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i To‘lqin Karimov suratga tushish uchun sovg‘a berib, keyin qaytarib olgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga viloyat XTB Matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, Shahrisabz shahridagi Madaniyat saroyida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida 5 ta muhim tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha ko‘rik-tanlov, festival va sport musobaqalari g‘olib va sovrindorlarini tantanali taqdirlash tadbiri o‘tkazilgan.

Kimlar hokim yordamchisi lavozimida ishlashi mumkin?

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Prezidentining “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2022 yil 1 yanvardan har bir shaharcha, qishloq, ovulda, shuningdek, har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etiladi. 

Mazkur lavozimga:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish, Moliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirliklari, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, iqtisodiy va investitsiya komplekslariga kiruvchi boshqa idoralar, ularning hududiy bo‘linmalarida bo‘lim (sho‘’ba) boshlig‘idan past bo‘lmagan lavozimda ishlovchi rahbar xodimlar, shuningdek, mahalliy hokimliklarning rahbar xodimlari tayinlanadi;
nomzodlar ochiq tanlovlar asosida ishga qabul qilinadi;
tadbirkorlar, boshqa soha vakillari, faol yoshlar, rahbarlik lavozimida faoliyat yuritmayotgan xodimlar va oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan fuqarolar ham ishga qabul qilinishi mumkin.

Jinoyatchi amaldorlar 4 yilda davlat va jamiyatga 3,5 trln so‘m zarar yetkazgan

Statistika bo‘yicha O‘zbekistonda mansabdor shaxslarning jinoyatlari oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 2018 yilda 556 mlrd, 2019 yilda 1,858 trln, 2020 yilda 500,1 mlrd, 2021 yilning 9 oyida 658 mlrd (jami 3 trln 572,1 mlrd) so‘m moddiy zarar yetkazilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Shodiyeva ma’lum qildi.

Deputat Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan mansabdor shaxslarga nisbatan choralar kuchaytirilayotganini ta’kidlagan.

Baliq boshidan. Bosh prokuratura mas’ul xodimi pora olayotganda ushlandi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasida boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimida ishlovchi shaxs pora olayotganda qo‘lga tushdi. Bu haqda BP Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, A.T. Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokurori lavozimida ishlagan paytida, 2020 yil oktyabr oylarida o‘ziga tanish bo‘lgan qurilish korxonasi rahbari D.A.ni Olmaliq shahridagi 11-sonli yotoqxonani rekonstruksiya qilish bo‘yicha qonuniy o‘tkazilgan tenderda qurilish korxonasi go‘yoki uning yordami bilan g‘olib chiqqanligiga ishontirgan va moddiy rag‘bat talab qilib kelgan.

Besoqolbozlik targ‘ibotchilari Toshkentda konsert berishi ortida kim turibdi?

Joriy yilning 25 dekabr kuni Toshkentdagi "Humo Arena" kompleksida rossiyalik 6 nafar tik-toker ishtirokida "Tik Tok Fest" shou-konsert dasturi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Unda ishtirok etuvchi tik-tokerlar Anya Pokrov, Vanya Dmitriyenko, Danya Miloxin, Anet Say, Artur Babich, Yegor Ship asosan ijtimoiy tarmoqda sharq qadriyatlari va tarbiyasiga zid, ommaviy madaniyat niqobi ostidagi, shuningdek besoqolbozlikni targ‘ib qiluvchi ayrim chiqishlari bilan “tilga tushgan”. Shu bois ushbu shou dasturi jamoatchilik faollari tomonidan tanqidlarga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pchilik shouning tashkil etilishida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligini ayblamoqda. O‘z navbatida Madaniyat vazirligi mazkur konsertning tashkiliy ishlari, jumladan litsenziya berishda ham ishtirok etmagani xususida bayonot bilan chiqib, tashkilotchilarni ushbu masalaga jiddiy yondashishga chaqirdi.

Ko‘plab tanqidlar, jamoatchilikning e’tirozlaridan so‘ng, ushbu shou dasturi bekor qilindi.

Olam

AQSHda motam e’lon qilindi

AQSH Prezidenti Jo Bayden siyosatchi Bob Doulning vafoti munosabati bilan Qo‘shma Shtatlarda to‘rt kunlik motam e’lon qildi. Bu haqda Oq uy xabar tarqatdi.

Doul 98 yoshida vafot etdi, deya ma’lum qildi uning rafiqasi nomidagi Elizabet Doul fondi. U ham sobiq senator.

Bayden 9 dekabr kuni quyosh botguncha AQSH davlat bayroqlari biroz tushirilishi haqida qaror chiqargan. Bu buyruq Oq uy, Amerikaning barcha muassasalari va rasmiy binolari, shuningdek, elchixonalar, harbiy bazalar va kemalarga tegishli.

Rossiyada ikki o‘zbekistonlik bola cho‘kib ketdi

Rossiyaning Ryazan viloyatidagi Dedyuxino qishlog‘ida o‘zbekistonlik ikki nafar bola cho‘kib ketdi. Bu haqda RF Tergov qo‘mitasining Ryazan viloyati boshqarmasi ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 3 dekabr kuni ota-ona qarovisiz qolgan 7 va 4 yoshli aka-uka qishloqdagi sun’iy suv havzasi ustidagi muzga chiqishgan. Shu vaqtda muz yorilib, ular cho‘kib ketgan.

Tergov boshqarmasi xodimlari zudlik bilan hodisa joyiga chiqib, zudlik bilan tekshiruv o‘tkazgan.

Rossiyada Markaziy Osiyo fuqarolari uchun viza rejimini o‘rnatish taklif qilindi

Rossiyada Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolari uchun vaqtinchalik viza rejimini joriy etish taklif qilindi. “Adolatli Rossiya – vatanparvarlar – Haqiqat uchun” partiyasi yetakchisi Sergey Mironov shunday tashabbus bilan chiqdi. 

Siyosatchi o‘zining Telegram sahifasida MO fuqarolari uchun viza joriy etilishi 3 muhim muammoni hal qilishini keltirib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viza rejimi mehnat migratsiyasi oqimini kamaytiradi, bu esa jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtiradi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar sonining kamayishi “Rossiyaga koronavirusning yangi shtammlari kirib kelishi ehtimolini imkon qadar kamaytirishga” yordam beradi. Eng asosiysi esa, Rossiya iqtisodiyoti arzon muhojir mehnatidan himoyalanadi.

“Omicron” O‘zbekiston chegarasiga yaqinlashdi

Rossiyada koronavirusning "omicron" shtammi bilan kasallanish holatlari aniqlandi. Virus Janubiy Afrika Respublikasidan qaytgan ikki kishida qayd etilgan. Bu haqda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) ma’lum qildi.

"Rospotrebnadzor Markaziy Epidemiologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan irsiyat bo‘yicha sekvensiya natijasida rasadxonada bo‘lgan birinchi kunida olingan PZR testi ijobiy bo‘lgan ikki bemorda "omicron"shtammi tasdiqlandi”, deyiladi xabarda.

Sport

O‘zbekistonlik yosh dzyudochilar Osiyo chempionatini 1-o‘rinda yakunladi

Livan poytaxti Bayrut shahri mezbonligida o‘tgan dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo-Okeaniya chempionati o‘z yakuniga yetdi. 

Avvalroq, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 9 ta oltin, 5 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallgani haqida xabar bergan edik. 

Yoshlar terma jamoasi ham ikki kunlik murosasiz bellashuvlar yakuniga ko‘ra 7 ta oltin, 2 ta kumush, 6 ta bronza, jami 15 ta medal bilan 15 mamlakat orasida umumjamoa hisobida faxrli birinchi o‘rinni band etishdi. 

U hamon PSJda: Mbappening hafsalasi pir bo‘ldi

PSJ hujumchisi Kilian Mbappe Parij klubidagi kelajagi haqida gapirdi.

“Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, men katta klubda o‘ynayman. Ko‘pincha hafsalam pir bo‘lganini so‘rashadi. Ha, boshidan shunday bo‘lgan. Lekin men uchinchi divizion jamoasida emasman, to‘g‘rimi?” deydi Mbappe.

JCH–2021: O‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar qachon supachaga chiqadi?

Joriy yilning, 7–17 dekabr kunlari Toshkent shahri og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.

Ayni paytda musobaqaning barcha rasmiy jarayonlari, shu jumladan 14 nafar sportchi bilan ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi vakillarining supachaga chiqish vaqtlari ma’lum bo‘ldi.   

Ruslan Nuriddinov, Akbar Jo‘rayev, Adhamjon Ergashev, Muhammadqodir Toshtemirov, Kumushxon Fayzullayeva singari nomdor atletlar musobaqa g‘olibligi uchun asosiy da’vogarlar qatorida.

Diyora Abdurahmonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 322
Reyting: 3
t
×