Putin – Hindistonda! Ikki “superkuch” G‘arbga qarshi birlasha oladimi?

Olam 12336
image

Dunyo siyosatdonlarining nigohi bugun Hindistonga qaratilgan. Negaki, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin pandemiyadan keyingi ikkinchi xorijiy rasmiy safari doirasida Hind diyorida bo‘lib turibdi. Tashrif davomida savdo-iqtisodiy, harbiy hamkorlik masalalari hamda Rossiyaning boshqa bir yaqin ittifoqchisi bo‘lmish Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi munosabatlarni iliqlashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi kutilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda Yevropa Ittifoqi va AQSHning Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish haqidagi tahdidlari ortib bormoqda. Vladimir Putinning Hindistonga tashrifini esa qaysidir ma’noda ushbu tahdidlarga Rossiyaning javobi bo‘ladi, deyish mumkin.

Hindiston Rossiyaning “sovuq urush” davridan beri asosiy siyosiy hamkori hisoblanadi. Rossiya Prezidentlarining Dehliga tashrifi doimo iliq kutib olingan.

Putin va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining bugun Dehlida o‘tayotgan uchrashuvi dunyo hamjamiyati kutayotgan voqea bo‘lib, yilning eng muvaffaqiyatli ikki tomonlama muzokarasi bo‘lishi mumkin.

Ikki davlat rahbarlarini bir necha milliard dollarlik mudofaa bitimlari tuzish, savdo shartnomalarini e’lon qilish, qo‘l siqish va quchoqlashishdan tashqari, birgalikda yengib o‘tishi kerak bo‘lgan katta qiyinchiliklar ham kutib turibdi. Bunga misol tariqasida, Hindistonning Xitoy bilan, Rossiyaning Ukraina va uning ortidagi G‘arb davlatlari bilan bo‘lgan mojarolarini ko‘rsatish mumkin. Ularning bu muammolar bilan qay tarzda kurashishi mintaqaviy va global siyosatga ta’sir qiladi.

Hindiston-AQSH munosabatlari va Xitoy omili

So‘nggi o‘n yillikda Hindiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi o‘sib borayotgan hamkorlik Dehli va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarni bezovta qiluvchi omillardan biridir. Modi, hatto, 2020 yilda AQSHning 45-Prezidenti Donald Tramp Hindistonga tashrif buyurganida uni qo‘llab-quvvatlash uchun katta namoyish o‘tkazdi. Bu Vashingtonga xayrixohlikning ochiqcha namoyishi bo‘ldi.

Moskva Vashington bilan munosabatlari so‘nggi yillarda doimiy ravishda yomonlashayotgan bo‘lsa-da, rasmiy Dehlining bu kabi g‘azablantiruvchi qadamiga e’tibor bermadi. Ammo Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Hindiston AQSH, Yaponiya va Avstraliya ishtirokidagi “To‘rtlik” alyansiga qo‘shilgach, ochiq tanqid qilishni ma’qul ko‘rdi. "Quad" noharbiy ittifoq ekanligi va aniq bir davlatga qaratilmagani aytilgan bo‘lsa-da, bu javob Lavrovni qoniqtirmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb “Hind-Tinch okeani strategiyalarini” amalga oshirish orqali Hindistonni Xitoyga qarshi o‘yinlarga jalb qilishga harakat qilmoqda. Moskvada xizmat qilgan sobiq hind diplomati Anil Trigunayatning aytishicha, “Quad” Rossiya uchun "qizil chiziq" va bu ikki yetakchi muzokaralarining bir qismiga aylanadi.

Moskvaning “To‘rtlik”dan xavotirda ekanini uning so‘ngi yillarda Pekin bilan hamkorligi oshib borayotganidan ham tushunish mumkin. Trigunayatning qo‘shimcha qilishicha, G‘arbning siquviga uchragan Rossiya Osiyodagi iqtisodiy va geosiyosiy manfaatlarini himoya qilish uchun Xitoy bilan yaqinroq aloqa o‘rnatishga majbur bo‘ldi. Chunki AQSH boshchiligidagi G‘arb ham mintaqa bilan hamkorlik qilishga intilmoqda.

Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi ham Pekin va Moskvaning bir-biri bilan yaqinlashuviga turtki bergan, deyish mumkin.

Vaziyatni yanada murakkablashtiradigan yana bir omil – Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi hududiy mojaro. Osiyoning ikki yadroviy davlati o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi paytlarda keskinlashgani ikki davlat qo‘shinlarining bahsli Ladah hududining Galvan vodiysida to‘qnashuviga olib keldi. Oqibatda 20 nafar hind askari halok bo‘lgan. Keyinroq Xitoy ham o‘z askarlarining bir qismi to‘qnashuvda qurbon bo‘lganini tan oldi.

Shu kabi siyosiy voqealar Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarga potensial xavf tug‘dirishi mumkin. Shu nuqtai nazardan, Putinning tashrifi do‘stona aloqalarni saqlab qolish uchun muhim. Biroq tahlilchilarning fikricha, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik asoslari bir-birining muammolarini yengish uchun yetarli darajada kuchli hisoblanadi.

Mamlakatlarni o‘zaro yaqinlashtiradigan umumiy muammoli nuqtalar ham yo‘q emas, Afg‘oniston ulardan biridir – Dehli Afg‘onistonda muhim o‘yinchi bo‘lib qolishga harakat qiladi. Hindistonning qo‘shnisi va asosiy raqibi Pokiston endi Afg‘onistonda strategik kuchga ega, chunki u Rossiya, Eron va Xitoy bilan norasmiy ittifoq tuzgan bo‘lishi ehtimoldan holi emas.

Moskva Dehliga Afg‘onistonda yo‘qolgan o‘rnini tiklashda yordam berishi mumkin, chunki ular mamlakat kelajagidan xavotirda.

“Rossiya ham, Hindiston ham mamlakatlariga ta’sir ko‘rsatayotgan “Tolibon” va “Haqqoniy tarmog‘i”dan kelayotgan potensial terrorchilik tahdididan xavotirda. Shunday qilib, Afg‘oniston haqiqatan ham Dehli va Moskva o‘rtasidagi mustahkam kelishuv hududidir", deydi AQSHning RAND korporatsiyasi tahliliy markazining katta mudofaa tahlilchisi Derek Grossman.

Hindiston va Rossiya allaqachon BRICS, Shanxay hamkorlik tashkiloti, RIC (Rossiya, Hindiston va Xitoy) va G20 kabi bir qancha xalqaro forumlar doirasida hamkorlik qiladi. Ushbu forumlar Moskva va Dehliga ham o‘zaro, ham global masalalarda yaqindan hamkorlik qilish imkoniyatini beradi va Xitoy ushbu forumlarning a’zosi ekanligini hisobga olsak, Rossiya Pekin va Dehli o‘rtasida tortishuvli chegara nuqtalari bo‘lishiga qaramasdan tinchlikni saqlash uchun ikkala davlatni hamkorlikda ishlashga da’vat qilmoqda.

Savdo va mudofaa shartnomalari

Tashrifning muhim voqeasi Hindistonga Rossiyaning S-400 raketaga qarshi mudofaa tizimini yetkazib berish bo‘lishi mumkin. Bu dunyodagi eng ilg‘or zenit mudofaa tizimlaridan biri hisoblanadi. U 400 km (248 milya) masofaga ucha oladi va har birida ikkita raketani yo‘naltirish orqali bir vaqtning o‘zida 80 tagacha nishonni yo‘q qilish imkoni bor.

Tizim Hindistonga Xitoy va Pokistonga qarshi qat’iy strategik to‘siq yaratish imkoniyatini beradi va shu sababli u AQSH sanksiyalari tahdidiga qaramasdan shartnoma imzolamoqchi.

2017 yilda Vashington Rossiyaning bir qancha firmalariga sanksiyalar joriy qilib, bu ham yetmaganidek Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya kabi davlatlar bilan mudofaa sohasida har qanday bitimlarni imzolagan boshqa mamlakatlarga cheklov joriy etilishini ko‘zda tutuvchi qonun qabul qilgan. Kutilayotgan kelishuv AQSH va Hindiston o‘rtasida keskinlikni keltirib chiqarishi ehtimoli bo‘lsa-da, Dehli Moskva bilan hamkorlik qilishi mumkin.

Hindiston S-400 sotib olish haqidagi kelishuvi oqibatida ikki qudratli davlat bilan munosabatlarni qanday muvozanatlashtirganini ko‘rish qiziq. Hind diplomatlari S-400 ni sotib olish qarori Dehli mashhur “strategik avtonomiya” amaliyotini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab, AQSH buni hurmat qilishi kerakligini urg‘uladi. Trigunayatning qo‘shimcha qilishicha, Hindistonning katta mudofaa byudjeti ham unga strategik ustunlik beradi. "Global munosabatlarning aksariyati tranzaksiyaga asoslangan va bu Moskva va Dehliga ham tegishli", deya ta’kidladi u.

Sipri mudofaa tahlil markazi hisobotiga ko‘ra, Hindiston dunyodagi ikkinchi yirik qurol importchisi bo‘lib, xalqaro mudofaa savdosining qariyb 10 foizi Dehli hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hindiston portfelini diversifikatsiya qilish va ichki mudofaa ishlab chiqarishni rag‘batlantirish qarori tufayli, uning ulushi 70 foizdan 49 foizga tushib ketganiga qaramay, Moskva Hindistonning eng yirik qurol yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda.

AQSH 2011 – 2015 yillarda Hindistonning Rossiyadan keyin ikkinchi yirik mudofaa qurollari yetkazib beruvchisi bo‘lgan, ammo 2016 – 2021 yillarda Fransiya va Isroildan ortda qolgan.

Putinning tashrifi davomida Rossiya shuningdek, Hindistonga qurol eksportini oshirishga harakat qiladi va ba’zi yirik bitimlar imzolanishi mumkin. Biroq, ikki mamlakat o‘rtasidagi tijorat savdosi ularning salohiyatidan ancha pastligicha qolmoqda. Hindiston hukumati hisobotiga ko‘ra, 2019 yilda o‘zaro savdo hajmi (pandemiyadan oldingi davri) 11 milliard dollarni tashkil etdi va undan 7,24 milliard dollarlik mahsulot Rossiya hisobiga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, Hindiston va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro tovar va xizmatlar ayirboshlash o‘sha davrda 146 milliard dollarni tashkil etadi.

Rossiya va Hindiston 2025 yil oxirigacha o‘zaro savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Ular eksport-import ko‘lamini kengaytirishga, faqat energetika va minerallar sohasi bilan cheklanib qolmasdan, ta’lim, kiberxavfsizlik, qishloq xo‘jaligi, temir yo‘llar, farmatsevtika va toza energetika kabi sohalarda ham hamkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratishi mumkin.

Hindistonning Rossiyaning Uzoq Sharq hududiga 1 milliard dollarlik kredit liniyasini taqdim etish qarori ham mamlakatlar o‘rtasidagi savdoni kuchaytiradi. 

Chennay-Vladivostok dengiz yo‘lagi bo‘yicha ham muzokaralar kutilmoqda.

Hindiston va Rossiya yetakchiligidagi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi o‘rtasida “erkin savdo shartnomasi” bo‘yicha muzokaralar ham oldinga siljishi mumkin. Agar kelishuv amalga oshsa, bu korxonalarga tovarlarni ikki mintaqa o‘rtasida osonlik bilan tashishga yordam beradi.

Bugun butun G‘arbning e’tibor markazida Dehlida bo‘ladi.

Doston Iskandarov

.
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 241
Reyting: 3
t
×