Putin dunyoni xotirjam qiladigan xabarni aytdi

Olam 65139
image

Rossiya joriy yil mo‘l hosil olishni rejalashtirmoqda va mamlakat jahon bozoriga 50 million tonnaga yaqin g‘alla yetkazib bera oladi. Bu haqda bugun, 24 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin BRIKS sammitidagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi, deya xabar berdi RIA Novosti.

“Hosilimiz yaxshi. Xudo xohlasa bizda hammasi yaxshi bo‘ladi. Joriy yilda katta ehtimol bilan jahon bozorlariga 50 million tonna don yetkazib bera olamiz”, deydi Rossiya Prezidenti.

Putinning ta’kidlashicha, Rossiya nafaqat don, balki o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va boshqa muhim mahsulotlar bo‘yicha ham o‘z majburiyatlarini vijdonan bajarishga tayyor.

“Rossiya jahon oziq-ovqat bozorining muhim va mas’uliyatli ishtirokchisi. Biz qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, o‘g‘itlar, energiya tashuvchilar hamda boshqa muhim mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha barcha shartnoma majburiyatlarini vijdonan bajarishga tayyormiz”, deydi Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali tashishni to‘xtatish haqida "isteriya sun’iy ravishda oshirilmoqda". Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, qariyb besh-olti million tonna bug‘doy va yetti million tonna makkajo‘xori to‘sib qo‘yilgan va bu jahon bozorida hech qanday muammoni hal qilmaydi.

“Ammo gap bunda ham emas: men ko‘p marta ochiq aytdim, yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, Rossiya Ukraina g‘allasini ushbu mamlakat hududidan tashqariga olib chiqishga to‘sqinlik qilmayapti va donli kemalarning mamlakatga erkin o‘tishini ta’minlashga tayyor”, deya qo‘shimcha qildi Rossiya yetakchisi.

Unga ko‘ra, muammoni hal qilish uchun Kiyevning konstruktiv pozitsiyasi zarur, biroq hozir ularda bu pozitsiya mavjud emas.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti don yetishmasligi sababli global oziq-ovqat inqirozi xavfi haqida bir necha bor gapirgan. G‘arb davlatlari Moskva Ukrainadan g‘alla eksportiga to‘sqinlik qilayotganini da’vo qilmoqda, Rossiya tomoni ayblovlarni rad etyapti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Yulduz Abdurashidova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 639
Reyting: 3
t
×