“Do‘xtirlar cho‘ntagingizga qaraydigan bo‘lib ketgan”. O‘zbekistonliklar tibbiyotdan rozimi?

Intervyu 11928

Issiq jonmiz. Turli xastaliklar bilan tibbiyot xodimlariga ishimiz tushadi. Aslida, bemor uchun davo izlab qayg‘uradigan ham, u bilan bir qatorda kasallikka qarshi kurashadigan ham shifokorlardir. Ammo, xalqimizda “Besh qo‘l barobar emas”, degan naql bor. Bugungi kunda o‘z burchi va vazifalarini unutib qo‘yayotgan oq xalatlilar ham talaygina. Hatto, ko‘rsatgan xizmati uchun bemorlardan mo‘maygina pul talab qilgan shifokorlar ham yo‘q emas.

To‘g‘ri, chetdan turib fikr bildirish oson. Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Balki, davlat tomonidan shifokorlarga ajratilgan oylik maosh ularning ehtiyoji uchun yetarli darajada emasdir. Shu sababli ham, ba’zi tibbiyot xodimlari bemorlardan pul so‘rashga majbur bo‘layotgandir. Shuning uchun ular o‘z ishiga nisbatan mas’uliyatsizlik qilayotgandir.

Xo‘sh, siz bugun tibbiyotdan rozimisiz? QALAMPIR.UZ bu borada aynan odamlar fikrini o‘rganish maqsadida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi. 

Bir respondentning aytishicha, ba’zi shifokorlar bemorlarga keraksiz dorilarni yozib, o‘zi yashirin tarzda  hamkorlik qilayotgan dori ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bilan qo‘shimcha pul ishlar ekan. Qolaversa, “Shifokorlar bemorning cho‘ntagiga qarab, muomala qiladi. Ayniqsa, bu tug‘ruqxonalarda ildiz otgan muammolardan biri”, degan fuqarolar ham topildi.

Shuningdek, tibbiyot tizimi va xodimlaridan mamnun respondentlar ham ko‘p uchradi.

Bugun O‘zbekiston tibbiyotidagi muammolar, o‘z yechimini kutayotgan og‘riqli masalalardan yurtdoshlarimiz yaxshi xabardor. Ammo ularni tizimli ravishda, tezkor va samarali hal etish yo‘llari ushbu soha vakillariga ko‘proq ayon, desak xato bo‘lmaydi. O‘tgan besh yilda Sog‘liqni saqlash vaziri bir necha bor o‘zgargani ham soha tub islohotlarga muhtojligidan dalolat.

Shu maqsadda Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqin kunlarda sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari bilan “O‘zbekiston tibbiyoti — inson qadri uchun” mavzusida ochiq muloqot o‘tkazishga qaror qilgan. Ushbu so‘rovnoma esa Prezident uchrashuvidan oldin SSV rahbariyatiga as qotsa, ajab emas. 

Ijtimoiy so‘rovnomani yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Nozima Nazirova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 295
Reyting: 2.9
t
×