Toliblar maqsadlari nima ekanini aytdi 

Olam 65501
image
-

“Tolibon” harakati butun Afg‘oniston ustidan hukmronlik o‘rnatishga intilmaydi, ularning maqsadi “erkin Islomiy Davlat tizimi”ni yaratish. Bu haqda “Tolibon” harakati siyosiy idorasining rasmiy vakili Muhammad Naim ma’lum qilgan.  

“Mintaqalar va viloyatlarga (Afg‘onistonga) ustunlik qilish bizning maqsadimiz bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham. Agar bizning maqsadimiz ba’zi sohalarda kuch va hukmronlik o‘rnatish bo‘lganida, biz 2001 yilda bunga erishgan bo‘lar edik”, degan u. 

Unga ko‘ra, toliblar Islomiy Davlat tizimini yaratishdan quyidagi maqsadlarni ko‘zlagan: “mamlakat va millatni ozod qilish”, odamlar hayotini milliy qadriyatlar va manfaatlar doirasida qurish, “xalqni tinchlantirish”. 

Avvalroq, “Tolibon” Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va’da bergandi.

Afg‘onistonda hukumat kuchlari va toliblar o‘rtasida mamlakatning muhim hududlari uchun kurash ketmoqda. Afg‘onistondagi beqarorlik xorijiy qo‘shinlarning mamlakatni tark etishi fonida kuchaymoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSH joriy yilning may oyidan o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqa boshladi. Xabarlarga ko‘ra, rasmiy Vashington shu vaqtga qadar 90 foiz harbiy kontingentini olib chiqqan. Rejaga ko‘ra, Amerika Afg‘onistonni tark etish jarayonini joriy yilning 31 avgustiga qadar yakunlamoqchi. Italiya va Germaniya esa Afg‘onistonni butunlay tark etishga ulgurgan. 

Qayd etish kerakki, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistondan olib chiqilishini Vashingtonning “missiya muvaffaqiyatsizligini” tan olishi, deb hisoblashini ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, AQSH va uning boshchiligidagi harbiy ittifoq — NATO kuchlari 2001 yilning oktyabr oyida Afg‘onistonga qo‘shin kiritgandi. Bunga 2001 yilning 11 sentyabrida Amerikada amalga oshirilgan terrorchilik harakatlari sabab bo‘lgan.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 2842
Reyting: 2.9
t
×