“Tushundim boshliq”. “Gaishnik” Malibu’ni qo‘yib yubormay, boshliqni “ranjitishi” mumkinmidi?

Tahlil 19604
image

Xabaringiz bor, kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida qoida buzgan Malibu avtomobilini to‘xtatgan yo‘l-patrul xizmati inspektori haydovchiga jarima yozmaslik haqida buyruq olgani aks etgan video tarqaldi. Videoda YPX xodimi Abror Ismoilov Malibu avtomobiliga jarima yozayotganida ratsiyadan unga haydovchini qo‘yib yuborish va oq yo‘l tilash bo‘yicha topshiriq berilganini ko‘rish mumkin.

Davlatning harbiylashtirilgan tuzilmalarida “buyruq bajariladi, muhokama qilinmaydi” qabilida ish olib borilishi yangilik emas. Xuddi shunday holat Olmaliq shahrida sodir bo‘ldi. Bunda YPX xodimi Abror Ismoilov qoidani buzgan Malibu avtomobili haydovchisiga jarima yozayotganida, ratsiyadan unga “Qo‘yvor, bo‘ldi, ko‘p gapirmasdan”, deb buyruq berildi. Inspektor komandirning ko‘rsatmasini bajardi. Keyinchalik Toshkent viloyati IIBB Matbuot xizmati Malibu “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” unitar korxonasiga tegishli ekani, haydovchi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmagani sababli to‘xtatilganini ochiqladi. Shuningdek, ratsiya orqali YPX inspektoriga haydovchini qo‘yib yuborish bo‘yicha topshiriq bergan 2-mintaqaviy hudud YPX otryadi komandiri amaldagi me’yoriy hujjatlar talablarini buzgani uchun intizomiy jazoga tortilgani aytildi. 

To‘g‘ri, ratsiya orqali buyruq bergan YPX otryadi komandiriga intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Lekin masalaning boshqa tomoni bor: Malibu’da o‘tirib otryad komandiriga buyruq berganlar kim? Bu savol hamon ochiq qolmoqda. Chunki YPX otryadi komandiri YPX inspektoridan, hatto, nima bo‘lganini surushtirmasdan, holatga baho bermasdan, uni qo‘yib yuborishi haqida buyruq berganiga qaraganda, Malibu’da “katta akalar” yoki ularga yaqin qarindoshlar o‘tirgani aniq. Xo‘sh, shu vaziyatda Malibu haydovchisi mast yoki yo‘l-transport hodisasi sodir etib, inson o‘limiga sabab bo‘lganda-chi?

Bu yerda YPX xodimi Abror Ismoilov harakatlarini qoralash noto‘g‘ri, chunki “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi”gi Nizomga ko‘ra ichki ishlar xodimi xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida faqat bevosita yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlig‘iga bo‘ysunishi belgilangan. Shu bois Ismoiloavga buyruq berildi va u buyruqni aytilganidek “ko‘p gapirmasdan” bajardi. 

Yangi O‘zbekistonda har kuni korrupsiya qarshi kurash, vakolatni suiiste’mol qilmaslik borasida majlislar, tadbirlar o‘tkazilmoqda, qaror va farmonlar qabul qilinmoqda. Lekin bu illatlar ozayish o‘rniga battar ildiz otmoqda. Darvoqe Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ham ushbu vaziyatni o‘rganishni boshladi. QALAMPIR.UZ Toshkent viloyati IIBB bilan bog‘lanib, Malibu’da haydovchi kimligi haqida ma’lumot so‘raganda, boshqarma vakili Malibu haydovchisi o‘zining “shaxsi sir” saqlanishini xohlaganini aytish bilan cheklandi.

I-ye, buyog‘i necha puldan tushdi?! Oddiy odamlar bilan shunga o‘xshash holatlar sodir bo‘lib qolsa, telekanallarda, ijtimoiy tarmoqlarda, qolaversa, IIV rasmiy sahifalarida bong urib, shaxsning ma’lumotlarini oshkor qilish tugul, ularning ota-onalarigacha uzr so‘rattirgan Ichki ishlar tizimi Malibu haydovchisi shaxsi sir saqlanishini lozim deb topganiga miq etmay, rozi bo‘lgani ajablanarli. Boshqalardan shaxsi ochiqlanishi so‘ralganmikan? “Avtopatrul” ko‘rsatuvini eslaysizmi? Qariyb 20 yil efirga uzatilgan ushbu dasturda minglab haydovchilar TVga olib chiqilib, xalqqa ko‘rsatilgan. Ulardan ham yuksak samimiylik va iltifot bilan “sizni TVda ko‘rsatsak maylimi?”, deb so‘ralganmikin. Har holda biz bunga ishonmaymiz. 

Tanganing ikkinchi tomoniga qaytamiz. Olmaliqdagi vaziyatda qonuni inspektor emas, unga buyruq bergan komandir va mashina ichidagi “kattakon” buzgan. Xo‘sh, boshliq qanday bo‘lishi kerak? Yuqorida keltirib o‘tilgan Nizomga muvofiq boshliq unga bo‘ysunuvchi xodimlar tomonidan Ustavga amal qilinishiga talabchan bo‘lishi, ularga yuksak kasbiy mahorat, qonuniylik talablari hamda qasamyodga rioya etish borasida doimiy ravishda namuna ko‘rsatishi, ularni xizmat burchi hissini kuchaytirish va qo‘llab-quvvatlashi, tashabbus, intilish va xizmatlarini rag‘batlantirishi, shuningdek xizmat intizomi buzilgan holatlarda jazo qo‘llanilishini ta’minlashi zarur.

Olmaliqdagi vaziyatda Nizomda belgilangani kabi boshliqning “yuksak kasbiy mahorati” bo‘yicha “master-klass”ni ko‘rdik. Yana bir jihatga ahamiyat berishimiz lozim: “Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi”gi Nizomga ko‘ra, noqonuniyligi yaqqol ko‘rinib turgan va xizmat faoliyatiga aloqasi bo‘lmagan buyruq va topshiriqlar berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, shuningdek boshliq qo‘l ostidagi xodimlardan ularning xizmat burchi doirasidan chiquvchi topshiriqlarni bajarishni hamda g‘ayriqonuniy harakatlar sodir etishni talab qilishga haqli emasligi qat’iy belgilangan.

Xo‘sh, boshliq qonunga zid buyruq bergan taqdirda, YPX xodimi qanday yo‘l tutishi kerak? 

Ushbu vaziyatda xodim yaqqol qonunga zid bo‘lgan (xizmat faoliyatiga aloqador bo‘lmagan) buyruq yoki topshiriq olganda, yuqori turuvchi rahbariyat yoki xizmatni o‘tash joyidagi o‘z xavfsizligi bo‘linmasiga zudlik bilan xabar berishi lozimligi belgilangan.

YPX xodimining yuqori turuvchi rahbariyat yoki o‘z xavfsizligi bo‘linmasiga xabar berish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, qonunchilik talablariga rioya etgan holda, g‘ayriqonuniy buyruq va topshiriqlarni bajarishdan bosh tortishi va imkon paydo bo‘lishi bilan ularni xabardor qilishi kerak. Olmaliqdagi ro‘y bergan holatda esa, afsuski, YPX xodimi berilgan noqonuniy  buyruqni bajarishni lozim deb topdi va buyruqdan ajablangani ham yo‘q. Savolga ham tutmadi. Demak, bu ilk bor ro‘y berayotgan holat emas. Afsuski, tizimda yuqoridan kelgan buyruqlar qonunga zid bo‘lishiga qaramay, ularni so‘zsiz bajarish tendensiyasi shakllanib ulgurgan.

Aslida boshliq xodimlarni qarindosh-urug‘chilik, oshna-og‘aynigarchilik, mahalliychilik yoki shaxsiy sadoqat belgilari bo‘yicha tanlash va joy-joyiga qo‘yish holatlariga yo‘l qo‘ymasligi lozim. U o‘z xizmat burchini o‘tash paytida mahalliychilik va tanish-bilishchilik, shuningdek boshqa salbiy omillarning namoyon etilishiga barham berishi kerak. Qani endi bunday tartiblar amalda bo‘lsa...

Telefon ortidagi komandir – shaxsi ochiqlanmay kelayotgan “Mister X” yuqorida keltirilgan qoidalarni bila turib, o‘zi noqonuniy harakat sodir etib, unga YPX xodimi Abror Ismoilovni ham sherik qilganiga qaramay, oddiygina “hayfsan” bilan qutilib qoldi.

Boy jinoyat qilsa — sho‘xlik, kambag‘al sho‘xlik qilsa — jinoyat, deganlari shu bo‘lsa kerak-da.
 

.
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 619
Reyting: 3
t
×