Umradan qaytgan o‘zbekistonlik koronavirus yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat 21178
image

O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar 55 nafarni tashkil etmoqda. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi 55 nafar bemorning hammasi ham poytaxt Toshkentdan emasligini ochiqlab, viloyatlar kesimiga oid ma’lumotlarni taqdim etdi. 

Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkent shahridagi Virusologiya ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan bemorlar orasida poytaxtdan tashqari, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridan bo‘lgan fuqarolar ham bor.

Shuningdek, bemorlarning 2 nafari Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda. Ulardan biri Saudiya Arabistonida Umra safarida bo‘lib qaytgach, unda koronavirus infeksiyasi aniqlangan.

Barcha bemorlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, belgilangan standartlar asosida davolanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, dunyodagi qaltis epidemik vaziyat tufayli mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida davlat tomonidan qator qat’iy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

“Fursatdan foydalanib, Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarimizdan karantin qoidalariga, jumladan, imkon qadar uydan chiqmaslik, jamoat joylarida to‘planmaslik, shaxsiy gigiyena kabi qoidalarga qat’iy amal qilishlarini so‘rab qoladi. Dunyo tajribasiga ko‘ra, koronavirus tarqalishining oldini olishda eng samarali yo‘l, aynan, karantin qoidalariga so‘zsiz rioya etishdir”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar 55 nafarga yetdi. 

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 389
Reyting: 3
t
×