O‘shanda prokuror bilan “san-man”ga bordik – Mirziyoyev Samarqandda hokimlik qilganini eslab

Jamiyat 38224
image
-

Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatida hokimlik qilganida qarovsiz mehribonlik uyini prokuraturaning chiroyli binosiga ko‘chirgan. Shundan so‘ng, u respublikaning sobiq prokurori bilan “san-man”ga borgan. Bu haqda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev samarqandlik saylovchilar bilan uchrashuvda so‘zlab berdi.

“Samarqanddagi mehribonlik uylarini mendan yaxshi biladigan odam yo‘q. Birinchi marta kelganimda u joylarga kirib bo‘lmasdi. Bir tuman prokuraturasi chiroyli binoda o‘tirgan edi. Qarovsiz mehribonlik uyini o‘sha binoga ko‘chirtirdim. O‘shanda birinchi marta respublikaning sobiq prokurori bilan “bordi-keldi” gap bo‘ldi, “san-man”ga bordik. “Men shu viloyatda hokimman, o‘zim uchun qilmadim, bolalar uchun, xalq uchun qildim” degandim. 

Shuningdek, Mirziyoyev Samarqand viloyatida hokimlik qilgan yillarida ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun mablag‘ yetishmasligini esga olgan.

“Viloyatda ijtimoiy muammolarni hal qilish uchun mablag‘ yetishmasdi.  Faqat markazdan pul ajratilsa, hokim bir ishni boshlashi mumkin edi. Ana shu achchiq tajribamizdan kelib chiqib, mana, hozir hududlarimizga moliyaviy masalalarda keng erkinlik beryapmiz”, deydi Mirziyoyev.

U, shuningdek, viloyatda qurilish va ta’mirlash ishlari qiyinchilik bilan amalga oshirilganini yodga olgan. 

“O‘sha yillari Paxtachi tumanidagi 24-maktab, Qo‘shrabot tumanidagi yana bir eski maktab va Oqdaryodagi tug‘ruqxonani qanday qiyinchilik bilan ta’mirlaganimiz hali-hali esimdan chiqmaydi. Ana shu ishlar uchun 50 foiz mablag‘ viloyat byudjetidan ajratilgan, qolgani esa hashar yo‘li bilan bajarilgan edi. Viloyatdagi ko‘plab bunyodkorlik ishlari shu tarzda olib borildi. Mahdumi A’zam, Xoja Doniyor, Hazrati Dovud ziyoratgohlari bunga misol bo‘la oladi.

Albatta, o‘sha og‘ir yillarda biz bilan yelkama-yelka turib ishlagan insonlarning ba’zilari, afsuski, bugun oramizda yo‘q. Ilojimiz qancha, hayot qonuni shunday ekan”, deydi Mirziyoyev.

Uchrashuvda Mirziyoyev urush yillarida 13 farzandni boqib olgan kattaqo‘rg‘onlik Sanobar aya va Hamid Samadovlar, 10 bolani asrab olgan Fotima Karimovalarning matonatini yodga oldi.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 20 sentyabridan nomzodlarning saylovoldi tashviqoti boshlandi. Shavkat Mirziyoyev shu vaqtga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida saylovchilar bilan uchrashdi.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 1633
Reyting: 3
t
×