O‘zbekiston tashqi qarzlarini to‘lay oladimi? Sobiq Moliya vaziri Rustam Azimov tilga kirdi

Jamiyat 52081
image
-

Sobiq Bosh vazir o‘rinbosari – Moliya vaziri Rustam Azimov Islom Karimovning Mustaqil O‘zbekistonni qurishda 25 yillik faoliyati va o‘tish davrida Karimov merosini asrab-avaylash va mustaqillikni yanada mustahkamlash borasida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar xususida maqola yozdi. Ushbu maqola O‘zAda e’lon qilindi. 

Azimov o‘z maqolasida Shavkat Mirziyoyevning 5 yillik prezidentlik davrida olib borgan faoliyatiga to‘xtalib, undagi ijobiy o‘zgarishlarni sanaydi. Sobiq Moliya vaziriga ko‘ra, O‘zbekistonda iqtisodiy islohotlar jadallik bilan rivojlanyapti. 

“Bulardan eng birinchisi valyutaning erkin aylanmasi joriy qilingani bo‘lsa, bank tizimi va pul muomalasining erkinlashtirilishi, soliq yukining keskin kamaytirilishi va xususiy biznesga keng yo‘l ochilishi uning asosiy negizidir.

Ayniqsa, xususiy biznesning qonun himoyasida bo‘lishidek ishonchli tizim yaratildi va turli bosim, ma’muriy, rasmiy va norasmiy tazyiqlardan ozod bo‘lganligi bozor iqtisodiyotining rivojiga keng yo‘l ochib berdi”, deydi hozirda “O‘zbekinvest”ni boshqarib kelayotgan Rustam Azimov. 

Ma’lumki, joriy yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mamlakatning tashqi qarshi 35,9 mlrd dollarga yetganini e’lon qildi. Azimov maqolasida qarz masalasiga ham to‘xtalarkan, bu qo‘rqinchli emasligini urg‘ulaydi. 

“Oxirgi yillarda nafaqat O‘zbekistonda, qolaversa, boshqa davlatlarda amalga oshirilmagan mutlaqo yangi usullar, kambag‘al oilalarga byudjetdan subsidiya berib, arzon uylar qurish, nafaqat tumanlar, qolaversa mahallalardagi mustahkam byudjet manbalarini belgilash, ¬“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ni joriy qilish va shu orqali qiynalgan oilalarni, ayollar va yoshlarni ish bilan band qilish va aniq daromadiga ega bo‘lishi alohida e’tiborga ega. Shu orqali iqtisodiyotimizga eng katta tahdid keltiradigan ishsizlik muammosiga yechim topish uchun amalga oshirilayotgan siyosat, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Albatta, bu va boshqa ko‘plab yig‘ilib qolgan muammolarni faqat o‘zimizning chegaralangan manbalar hisobidan to‘liq hal qilishning imkoni yo‘q. Shuning uchun davlatimiz chetdan qarz olishga majbur. Olingan mablag‘lar eng katta to‘siq bo‘lib turgan masalalarni, jumladan, xalqimizni elektr, gaz va ichimlik suv bilan ta’minlash tizimini yangilashga, shuningdek, eski, buzilgan yo‘l va ko‘priklarni qayta ta’mirlashga hamda yangi yo‘llarni qurish, ta’lim va tibbiyot tizimlarini yaxshilash hamda zamonaviy sanoat korxonalarini qurishga ishlatilmoqda.

To‘g‘ri, qarz oshmoqda, lekin shu bilan birga iqtisodiyotimiz ham tez sur’atlar bilan o‘smoqda, o‘sayotgan iqtisodiyot esa, mening fikrimcha, bu qarzlarni o‘z vaqtida to‘lashga to‘liq imkoniyat beradi.

Mazkur islohotlar natijasida pandemiya va o‘ta murakkab jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi salbiy oqibatlarining oldi olindi, iqtisodiyotimiz tiklanib hozirgi kunda jadal rivojlanmoqda. Buning natijasi o‘laroq, odamlar ish bilan band, xalqimizning daromadlari mavjud va aniq, bu, o‘z navbatida, davlatimizda tinchlik va barqaror rivojlanishning asosiy poydevoridir”, deydi ishonch bilan Azimov.

Rustam Azimov 1991—1998 yillarda Milliy bank rahbari, 2000—2002 yillarda Makroiqtisodiyot va statistika vaziri, 2003—2005 yillarda Iqtisodiyot vaziri, 1998—2000 yillarda va 2005—2016 yillarda Moliya vaziri, 2007—2016-yillarda Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, 2016—2017 yillarda Bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Bu sohada o‘rtacha 40 yillik tajribasi bor. 

U 2017 yilning iyul oyidan buyon bir vaqtlar o‘zi boshchiligida tashkil topgan “O‘zbekinvest” eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi Bosh direktori lavozimida ishlab kelmoqda.

Azimov 2016 yilning 15 dekabr kuni Moliya vaziri lavozimidan bo‘shatildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘sha yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi a’zolariga yo‘llagan Murojaatnomasida Moliya vazirligi tizimini qattiq tanqid qilib, vazirni o‘zgartirishdan asosiy maqsad tizimni butkul isloh qilishdan iboratligi, rahbar o‘zgargani bilan, pastdagi “kalamushlar” hamon o‘z o‘rnida qolayotganini kuyunib gapirgan edi.

O‘shanda Shavkat Mirziyoyev sobiq boshqarma boshlig‘i Ella Ostrogojskaya sobiq vazir bilan til biriktirib, Prezidentni aldab kelganini aytgandi. U 2005 – 2017 yillarda, aynan Rustam Azimov vazirlik qilgan davrlarda Moliya vazirligining Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Shunga ko‘ra, Prezident Ostrogojskaya orqali sobiq Moliya vaziri Rustam Azimovni tanqid qilgan deb ishoniladi.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 2018
Reyting: 3
Teglar
t
×