O‘zbekistonliklar so‘nggi 9 oyda “chiroyli” avtoraqamlar uchun qancha sarfladi?

Bu qiziq 6138
image
-

Joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida avtoraqam.uzex.uz saytida onlayn-auksionlar orqali 221,1 mlrd so‘mlik 105,6 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqamlar sotildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi tovar-xom ashyo birjasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2020 yilning mos davriga nisbatan avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 1,7 barobarga, qiymati bo‘yicha 28,3 foizga o‘sgan. Sotilgan avtoraqamning eng past bahosi 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 441,5 mln so‘mni tashkil qilgan. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,1 mln so‘mga teng bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 9 oylik yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 61,5 foizga o‘sib, 61 513,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, birja tovarlar savdosi bo‘yicha boshqa ma’lumotlarni ham taqdim etdi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020 yilning shu davriga nisbatan 56,8 foizga oshib, 22 844,3 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shu jumladan, tadbirkorlar birja orqali 14 682,9  mlrd so‘mlik tovar resurslarini xarid qilib, 8 161,4 mlrd so‘mlik mahsulot sotgan.

Shuningdek, birja orqali 64,5 mln AQSH dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.

Birja savdolari orqali 53, 182 mlrd so‘mlik tovarlar sotilib, o‘sish 59,9 foizni tashkil etgan. Sotuvchi korxonalar birja savdolari davomida real bozor narxlarining shakllanishi evaziga 4 892,5  mlrd so‘mlik qo‘shimcha daromad olishgan va bu 2020 yilning yanvar-sentyabr oylariga nisbatan 2,1 barobarga ko‘pdir.

Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida elektron davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi o‘tgan yilga nisbatan deyarli 2,4 barobarga oshib, 6 755,7 mlrd so‘mga teng bo‘lgan. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilari mablag‘larining tejalishi 1,9 marotabaga o‘sib, 1 152,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Elektron tijoratning V2V modelini aks etuvchi ko‘rgazma-yarmarka savdolarining hajmi joriy yil 9 oylik davrda 1 353,8  mlrd so‘mni tashkil etdi.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 59
Reyting: 3.2
t
×