Yerevan Bakuni chegarada o‘q uzganlikda aybladi

Olam 824
image

Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon harbiylari ikki davlat chegarasidagi Armaniston pozitsiyalariga qarata o‘q uzganini ma’lum qildi.  

Ta’kidlanishicha, hodisa kecha, 10 iyun kuni Armanistonning Gexarkunik viloyatining chegara qismida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, u yerda Ozarbayjon Qurolli Kuchlari muhandislik ishlarini olib borishga harakat qilayotgan edi. 

“Ozarbayjon tomoni Armaniston pozitsiyalariga qarata o‘q uzdi. Armaniston chegarachilari esa bunga javob berdi”, deyilgan xabarda. 

Ma’lum bo‘lishicha, otishma natijasida Armaniston tomoni hech qanday talafot ko‘rmagan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyun kuni Ozarbayjon Lochin tumani hududida mamlakat chegarasini kesib o‘tgani uchun hibsga olingan Armaniston Qurolli Kuchlarining harbiy xizmatchisi Artur Kartanyanni Yerevanga qaytarib bergandi. 

Ma’lumot uchun, o‘tgan yil 27 sentyabrda boshlangan 44 kunlik urush natijasida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi 5 ta shahar, 4 ta posyolka, 286 ta qishloq va ko‘plab strategik muhim tepaliklarni Armanistondan ozod qildi. 

Armaniston urush tugagach Ag‘dam, Lochin va Kalbajar tumanlarini Ozarbayjonga topshirdi. Arman harbiylari Ag‘damni 2020 yil 20 noyabarda, Kalbajarni 25 noyabrda va Lochinni 1 dekabrda tark etdi.

Rushana Sultonova
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 11
Reyting: 2.6
Teglar
t
×